Tesla Cybertruck ishlab chiqarishni qachon toʻxtatishi maʼlum boʻldi
Tesla rahbari Ilon Mask kompaniya Cybertruck ishlab chiqarishni toʻxtatishdan oldin koʻplab mijozlarga depozitlarini qaytarishini va ishlab chiqarish quvvatlarini Cybercabʼga yoʻnaltirishini maʼlum qildi.

Tesla Cybertruck ishlab chiqarish liniyasini taxminan sakkiz oy ichida yopishni rejalashtirmoqda. Ungacha kompaniya imkon qadar koʻproq avtomobil ishlab chiqarishni koʻzlamoqda, biroq Maskning soʻzlariga koʻra, koʻplab buyurtmachilarga depozitlarini qaytarishiga toʻgʻri keladi. U bu qarorni Cybertruckʼga boʻlgan talab ishlab chiqarish surʼatlaridan yuqori ekani bilan izohladi.
Mask model foyda keltirmayotgani haqidagi daʼvolarni rad etdi. Uning baholashicha, Cybertruck ishlab chiqarishining murakkabligi zavod maydonlari va resurslaridan Cybercabʼni qoʻshimcha ishlab chiqarish uchun foydalanishni foydaliroq qiladi. Avvalroq u Tesla ushbu quvvatlarda ikki oʻrinli robotaksilar yigʻishni rejalashtirayotganini aytgandi.
Birinchi Cybertruckʼlar mijozlarga 2023 yil oxirida topshirilgan. Maskning soʻzlariga koʻra, oldindan buyurtmalar soni 1 mln gacha yetgan, sotuvlar prognozi esa yiliga qariyb 250 000 ta avtomobilni tashkil etgan. Biroq bu kutilmalar amalga oshmadi: Tesla modelning alohida sotuvlari haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilmaydi, tarmoq ekspertlari esa 2023 yil noyabrida yetkazib berishlar boshlanganidan beri ularning sonini taxminan 71 000 ta avtomobil deb baholamoqda.
Talabning bir qismini Mask ekotizimidagi kompaniyalar taʼminladi. U rahbarlik qiladigan va eng yirik aksiyadori boʻlgan SpaceX 2025 yilda Teslaʼdan 131 mln dollarlik Cybertruck xarid qilgan. Bu SpaceXʼning IPO oldidan taqdim etgan roʻyxatdan oʻtish bayonotidan maʼlum boʻladi. Maskning yana bir kompaniyasi — xAI — SpaceX bilan birlashishidan oldin oʻz maʼlumotlar markazlari uchun Teslaʼdan 430 mln dollarlik Megapack qurilmalarini sotib olgan. Manba fikricha, ishlab chiqarishning yakunlanishi cheklangan taklif hisobiga Cybertruckʼga boʻlgan talabni vaqtincha qoʻllab-quvvatlashi mumkin, biroq uni avvalgi prognozlarga yaqinlashtirishi dargumon.
Yana oʻqing

Sunʼiy intellekt bumerangi: kompaniyalar neyron tarmoqlari bilan almashtirilgan xodimlarini qaytarmoqda
Biznes14:56
Aviakompaniyalar foydani oshirish uchun premium xizmatlarni kengaytirmoqda
Biznes14:41
