Mavzular
Iqtisodiyot va moliya

Nvidia aksiyalari bosh direktor boʻyicha tergov fonida 6% pasaydi

Nvidia aksiyalari premarket savdosida 6% past darajada savdo qilindi: direktorlar kengashi Jensen Huang xorijiy razvedka nishoni boʻlgan-boʻlmaganini tekshira boshladi.

9-noyabr, 19:56По-русски

Read in English

AQShda dushanba kuni ertalab Nvidia aksiyalari qariyb 6% past darajada savdo qilindi. Bu kompaniyaning bozor qiymatini avvalgi sessiya yakunidagi $4,5 trln bahoga nisbatan $270 mlrd ga kamaytirishi mumkin edi. Aksiyalar soʻnggi bir oyda allaqachon 20% arzonlagan.

Pasayish texnologiya kompaniyalari kotirovkalari keng koʻlamda tushayotgan bir paytga toʻgʻri keldi. Investorlar sunʼiy intellekt infratuzilmasi kutilganidan sekinroq qurilishidan xavotirda. Bu xavotirlar sabablaridan biri neocloud-kompaniyalarning yuqori qarz yuklamasi boʻlsa, yana biri AQShdagi oraliq saylovlarda demokratlarning muvaffaqiyati boʻlib, bu maʼlumotlar markazlari qurilishini sekinlashtirishi mumkin.

Nvidia direktorlar kengashi bosh direktor Jensen Huang xorijiy razvedka operatsiyasi nishoniga aylangan-aylanmaganini tekshira boshladi. Bir kun avval Huang xodimlarga 40 yildan ortiq turmush qurgan rafiqasi Lori Huangga xiyonat qilganini aytdi. U oilasidan uzr soʻradi, tergovni qoʻllab-quvvatladi va unga toʻliq koʻmaklashishga vaʼda berdi.

Avvalroq AQSh maxsus xizmatlari Huangning Xitoy fuqarosi, maʼlumotlar markazlari sohasida ishlaydigan Singapur kompaniyasi Megaspeedʼning sobiq rahbari Elis Huang bilan yaqin munosabatlari boʻlganini aniqlagan. AQSh rasmiylari kompaniya Nvidiaʼning ilgʻor chiplarini Xitoyga yuborgan deb gumon qilgan va Elis Huangni Xitoy razvedkasi xodimi deb hisoblagan. Oʻshanda Nvidia Jensen Huangning u bilan aloqalari noodatiy yoki kutilmagan boʻlmaganini bildirgan.

Kotirovkalarning pasayishi Huangning ehtimoliy ketishi haqidagi xavotirlar bilan ham bogʻlanmoqda. Investor Mohamed El-Erian Nvidia uchun kompaniyaning bitta muhim rahbarga qaramligi bilan bogʻliq xatar jiddiy ekanini taʼkidladi.

Yana oʻqing