Xususiy investorlar aksiyalarni sotmoqda, maslahatchilar esa vahimaga tushmaslikka chaqirmoqda
CNBC soʻrovda qatnashgan moliyaviy maslahatchilarning toʻrtdan uchidan koʻprogʻi portfelni maqsadlar bilan solishtirishni yoki tanlangan strategiyaga amal qilishni, aksiyalar sotilayotgan paytda bunga munosabat bildirmaslikni tavsiya qilmoqda.

CNBC moliyaviy maslahatchilar oʻrtasida oʻtkazgan tezkor soʻrov natijalariga koʻra, ularning aksariyati bozor keskin pasayganidan keyin mijozlarga investitsiyalar tarkibini oʻzgartirishni taklif qilmayapti. Soʻrovda taklif yuborilgan 121 ta kompaniyaning 38 nafar vakili qatnashdi.
Sotuvlar, avvalo, texnologiya kompaniyalari aksiyalariga taʼsir koʻrsatdi: Nasdaq Composite 5,5 foiz, S&P 500 indeksi esa 4,4 foiz pasaydi. Tahlilchilar pasayishni saylovlarda demokratlar katta yutuqlarga erishganidan keyin maʼlumotlar markazlari qurilishi surʼatlari sekinlashishi haqidagi xavotirlar bilan bogʻladi. Nasdaq sessiyani yaqindagi maksimumidan 10 foizdan koʻproq pastda yakunlab, korreksiya zonasiga kirdi.
Maslahatchilar investorlar avvalo portfel ularning moliyaviy maqsadlari va maqbul risk darajasiga mos kelishini tekshirishi kerak, deb hisoblaydi. Vahima bunday tekshiruv zarurligidan darak berishi mumkin, biroq bozorning keskin pasayishi oʻz-oʻzidan darhol qaror qabul qilishga sabab boʻlmasligi kerak.
Burney Wealth Management kompaniyasining investitsiya strategiyasi boʻyicha direktori Endi Pratt bozor pasayayotgan paytda 401(k) hisobiga muntazam badallar kiritish aktivlarni pastroq narxlarda sotib olish imkonini berishini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, yaxshi tuzilgan portfel pasayish davrida oʻzgartirishni talab qilmasligi mumkin.
Moisand Fitzgerald Tamayo kompaniyasining moliyaviy maslahatchisi Den Moisand uzoq muddatli investorlar uchun odatda bozordagi har bir harakatni oldindan topishga urinishdan koʻra, barqarorlik muhimroq ekanini aytdi. Beaird Harris Wealth Management kompaniyasining moliyaviy rejalashtiruvchisi va investitsiyalar boʻyicha direktori Tra Sallivan esa AQSh bozori oraliq saylovlardan keyin tarixan oʻsganini kelajakdagi natijaning kafolati emas, faqat kontekst sifatida baholadi.
Yana oʻqing

Nvidia aksiyalari bosh direktor boʻyicha tergov fonida 6% pasaydi
Iqtisodiyot va moliya9-noyabr, 19:56
Oʻzbekistonda maishiy texnika uchun 18 foizli kreditlarni yoʻlga qoʻyishga tayyorgarlik koʻrilmoqda
Iqtisodiyot va moliya9-noyabr, 16:10
