Mavzular
Oʻzbekiston

Oʻzbekiston Qozogʻiston va Xitoyga aviaqatnovlar sonini oshiradi

Tomonlar Toshkentdagi muzokaralar yakunida aviaqatnovlar sonini oshirishga kelishib oldi va tegishli hujjatlarni imzoladi.

9-noyabr, 15:17По-русски

Read in English

Oʻzbekiston va Qozogʻiston parvozlarning ruxsat etilgan chastotasini oshirishga kelishib oldi. Toshkent — Olmaota va Toshkent — Ostona yoʻnalishlarida limit har bir yoʻnalish boʻyicha haftasiga 42 tadan 60 ta reysgacha, boshqa yoʻnalishlarda esa 14 tadan 20 tagacha oshadi.

Xitoy bilan muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Xitoy aviatsiya maʼmuriyatlariga ikki mamlakat oʻrtasidagi muntazam reyslar sonini haftasiga 100 tadan 114 tagacha oshirish huquqi berildi. Parvozlar chastotasining amalda oshirilishi aviakompaniyalarning jadvali va rejalariga bogʻliq boʻladi.

Muzokaralar Oʻzbekiston, Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston aviatsiya maʼmuriyatlari hamda aviakompaniyalari vakillari uchrashuvi doirasida oʻtkazildi. Ishtirokchilar hamkorlikni rivojlantirish, havo transporti bozorini liberallashtirish, meʼyoriy talablarni muvofiqlashtirish, parvozlar xavfsizligi va infratuzilma loyihalarini muhokama qildi.

Tashkilotchilar kelishuvlarni yoʻlovchi tashuvlarini, savdo-iqtisodiy va turistik aloqalarni kengaytirish yoʻlidagi qadam deb atadi.

Yana oʻqing