Mavzular
Biznes

Yangi Toshkentdagi investorlar 20 yilga yer va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent va hududlarda qiymati 50 mln dollardan boshlanadigan shaharsozlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi

11-noyabr, 16:22По-русски

Read in English

Prezident 10 noyabr kuni Yangi Toshkent va Oʻzbekiston hududlarida qiymati 50 mln dollardan boshlanadigan yirik shaharsozlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Hujjatda maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, shuningdek, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi va turizm salohiyatini oshirish choralari koʻzda tutilgan.

Yangi Toshkent va farmonga ilova qilingan roʻyxatda koʻrsatilgan boshqa maxsus zonalarda bunday loyihalar uchun «regulyatorlik sandboxi»ning alohida huquqiy rejimi joriy etiladi. U biznesni «davlat — investitsiya hamkori» tamoyili asosida qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Maxsus zonalarda yirik loyihalarni amalga oshiruvchi kompaniyalar 20 yilga mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. Obyektlarni ijaraga berish va sotishdan olinadigan foyda soligʻi stavkasi 1 foizni tashkil etadi. Imtiyozli davr investitsiyalar hajmiga bogʻliq boʻladi: 50–100 mln dollar miqdoridagi investitsiyalar uchun besh yil, 100–500 mln dollar uchun 10 yil va 500 mln dollardan ortiq investitsiyalar uchun 15 yil.

Bosh pudratchilar va asosiy loyiha tashkilotlari xorijiy tashkilotlar hamda fuqarolarning xizmatlariga haq toʻlashda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlamaydi. Qurilish loyihalari boʻyicha investorlar olgan va Oʻzbekistonga qayta investitsiya qilingan dividendlar 2040 yilgacha soliqlardan ozod qilinadi.

Yangi Toshkent qurilishi direksiyasining vakolatlari maxsus zonalarni rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan boshqa direksiyalarga ham tatbiq etiladi. Ular hududlarni rejalashtirish hujjatlariga qoʻyiladigan talablarni mustaqil tasdiqlashi, yer uchastkalarini realizatsiya qilishda obyektlar uchun asosiy shartlarni belgilashi va har bir loyiha uchun alohida texnik shartlarni aniqlashi mumkin boʻladi.

Prezident 12 oktabr kuni Yangi Toshkentda loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvda investitsiyalar hajmi 50 mln dollardan ortiq boʻlgan qurilayotgan noturar obyektlarni «yashil» sertifikatlash uchun sarflangan barcha xarajatlarni qoplashni ham maʼlum qilgan edi.

Har bir yirik loyihaga masʼul vakil biriktiriladi. U investorni ishlar yakunlanguniga qadar kuzatib boradi va loyiha bilan bogʻliq masalalarni hal etishda yordam beradi. Bundan tashqari, investorlar bilan tomonlarning majburiyatlari va qoʻllaniladigan imtiyozlar roʻyxati koʻrsatilgan individual investitsiya bitimlarini tuzish rejalashtirilmoqda.