Oʻzbekiston va Rossiya sunʼiy intellekt hamda media sohasida qoʻshma loyihalarni rejalashtirmoqda
Toshkentda boʻlib oʻtgan III Oʻzbekiston–Rossiya mediaforumida dezinformatsiyaga qarshi kurash, sunʼiy intellektni rivojlantirish va jurnalistlarni tayyorlash borasidagi hamkorlik muhokama qilindi.

Tadbir 9–10 noyabr kunlari UzA va TASS agentliklari tomonidan tashkil etildi. Forumda davlat idoralari vakillari, ommaviy axborot vositalari rahbarlari, jurnalistlar va ikki mamlakat ekspertlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov mamlakat OAVning 67 foizi nodavlat sektorga tegishli ekanini, internetdan foydalanish darajasi esa 94 foizga yetganini maʼlum qildi. Shuningdek, u Markaziy Osiyoda birinchi milliy media-bank ishga tushirilganini qayd etdi.
Ishtirokchilar sunʼiy intellektning jurnalistikaga taʼsiri va feyk xabarlarga qarshi kurashish zaruratini muhokama qildi. Hamkorlikning taklif etilgan yoʻnalishlari qatoridan qoʻshma taʼlim dasturlari, stajirovkalar, axborotni tekshirish boʻyicha tajriba almashish hamda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish oʻrin oldi.



