Toshkentda Oliy Majlis binosi yaqinida 30 metrlik arkali koʻl paydo boʻladi
Toshkentning Chilonzor tumanida sunʼiy koʻl va maydoni 2,3 gektar boʻlgan dam olish hududi barpo etilmoqda. Loyiha Beshyogʻoch mahallasida amalga oshiriladi.

Yangi dam olish hududi Magic City va «Milliy bogʻ» parkidan uncha uzoq boʻlmagan joyda paydo boʻladi. Koʻlning maydoni 18,7 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Suv havzasiga qariyb 37,4 ming kub metr suv sigʻadi.
Koʻl atrofida daraxt va butalar ekish rejalashtirilgan. Tashrif buyuruvchilar uchun umumiy uzunligi 4,6 kilometr boʻlgan piyoda va velosiped yoʻlaklari barpo etiladi, shuningdek, favvoralar oʻrnatiladi.
Loyihaning asosiy elementi aylanadigan qismga ega 30 metrlik arka boʻladi. Uning konstruksiyasini ishlab chiqishda italiyalik mutaxassislarning takliflari oʻrganilgan. Hozir xitoylik muhandislar bilan hamkorlik qilish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda. Loyihachilar arka ichiga liftlar oʻrnatish imkoniyatini ham oʻrganmoqda.
Ochilishidan soʻng dam olish hududi kuniga 3 ming nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Loyiha buyurtmachisi Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» kompaniyasi hisoblanadi.



