Mavzular
Texnologiyalar

Xbox rahbari kelajak oʻyinlarida AI faol qoʻllanishiga ishora qildi

Xbox bosh direktori Asha Sharma AI nomini tilga olmadi, ammo kichik jamoalar bugun yuzlab dasturchi va yuzlab million dollar talab qiladigan olamlarni yaratishi mumkin boʻlgan kelajakni tasvirladi.

14-noyabr, 13:53По-русски

Read in English

polygon.com

Sharmaning posti Xboxʼning 25 yilligi va Microsoftʼning oʻyinlar boʻlinmasi tarixiga bagʻishlangan. U postining yakuniy qismida oʻyinlar yaratish haddan tashqari qimmat va xavfli boʻlib qolganini yozdi. Shu sababli koʻplab gʻoyalar relizgacha yetib bormaydi, tayyor loyihalar esa yaratuvchilar rejasiga mos kelmaydi.

Uning soʻzlariga koʻra, vaqt oʻtishi bilan bir kishi ilgari butun mamlakatlar resurslarini talab qilgan imkoniyatlarga ega boʻladi. Kichik jamoalar hozir yaratish uchun yuzlab dasturchi va yuzlab million dollar kerak boʻladigan oʻyin olamlarini yaratishi mumkin. Biroq Sharma «AI» atamasini ishlatmadi va bu texnologiyani joriy etish boʻyicha aniq reja eʼlon qilmadi.

Bunday taʼrif generativ AI yirik oʻyinlarni ishlab chiqish uchun zarur resurslar hajmini kamaytirish vositasi boʻlishi mumkinligiga ishora qiladi. Hozirgi lavozimiga tayinlanishidan oldin Sharma Microsoftʼning AI bilan bogʻliq mahsulotlariga rahbarlik qilgan, keyin esa CoreAI tashkilotini boshqargan.

Fevral oyida u Microsoft qisqa muddatli samaradorlik ortidan quvmasligi va oʻyin ekotizimini AI yaratgan ruhsiz kontent bilan toʻldirmasligini aytgandi. 13 oktabr kuni Sharma AI yordamida oʻyinlarning dekompilyatsiyasi, portlari va modifikatsiyalarini ishlab chiqish bilan bogʻliq eksperimental boʻlinma — Xbox Labs ishga tushirilganini eʼlon qildi.

Yangi post oʻyinlar boʻlinmasida eʼlon qilingan «qayta yuklash» fonida paydo boʻldi. Sharma avvalroq uning holatini nosogʻlom deb atagan; oʻzgarishlar allaqachon 1 000 nafardan ortiq xodimning qisqartirilishi va bir nechta studiyaning, jumladan Double Fineʼning sotilishi bilan kechdi. Stack Overflowʼning 2025 yilgi soʻroviga koʻra, soʻrovda qatnashgan dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilarining 84 foizi AI vositalaridan u yoki bu shaklda foydalanadi.