Mavzular
Madaniyat

Bred Pitt va Anjelina Joli ayrilganidan 10 yil oʻtib nizoni hal qildi

Bred Pitt va Anjelina Joli Château Miraval boʻyicha nizoni suddan tashqari tartibda hal qildi. Ularning vakillari qaror oila manfaatlarini koʻzlab qabul qilinganini maʼlum qildi, biroq kelishuv tafsilotlarini oshkor etmadi, deb yozadi Hello! jurnali.

26-noyabr, 12:55По-русски

Read in English

hellomagazine.com

Nizo Joli Fransiyadagi vinochilik xoʻjaligidagi ulushini Stoli Group kompaniyasiga qarashli Tenute del Mondo kompaniyasiga sotganidan keyin yuzaga kelgan. Pitt 2022 yilda daʼvo arizasi berib, sobiq turmush oʻrtoqlar oʻz ulushlarini bir-birining roziligisiz sotmaslikka kelishib olganini bildirgan. Joli esa uning roziligini olish zarurligiga eʼtiroz bildirgan.

Juftlik 2008 yilda Fransiyaning janubida joylashgan, maydoni 1 200 akr boʻlgan mulkni sotib olgan. 2014 yil avgustida ularning toʻyi shu yerda boʻlib oʻtgan. Kelishuv tuzilgach, Pitt va Jolining bir-biriga nisbatan daʼvolari hal qilindi, biroq Pittning biznesmen Yuriy Shefler va uning kompaniyasiga qarshi alohida daʼvosi davom etmoqda.

Sud muhokamasi davomida Joli advokatlari uning ulushini Pittga sotish boʻyicha muzokaralar maxfiylik toʻgʻrisidagi kelishuv loyihasi sabab barbod boʻlganini taʼkidladi. Ularning soʻzlariga koʻra, hujjat Jolining zoʻravonlik haqidagi ayblovlar haqida jamoatchilikka ochiq gapirish imkoniyatini cheklashi mumkin edi. Joli, shuningdek, Pitt 2016 yil sentyabrida shaxsiy parvoz vaqtida unga va bolalariga nisbatan jismoniy hamda ogʻzaki zoʻravonlik qilganini bildirgan. Pitt bu ayblovlarni rad etgan. Rasmiylar hodisani tergov qilgan, biroq unga nisbatan jinoiy ayblovlar ilgari surilmagan. Juftlikning ajrashishi 2024 yil dekabrida rasmiylashtirilgan, vinochilik xoʻjaligi boʻyicha nizo esa alohida davom etgan.