Oʻzbekistonda oʻzgaruvchan stavkali kreditlar va omonatlar paydo boʻlishi mumkin
Oʻzbekiston Markaziy banki oʻzgaruvchan foiz stavkalariga ega kreditlar va omonatlarni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Foiz stavkalari moliya bozoridagi vaziyatga bogʻliq boʻladi.

Oʻzbekiston Markaziy banki oʻzgaruvchan foiz stavkalariga ega kreditlar va omonatlarni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Foiz stavkalari moliya bozoridagi vaziyatga bogʻliq boʻladi, deb xabar beradi UzDaily.
Yangi bank mahsulotlarini UZONIA indikatoriga bogʻlash rejalashtirilmoqda. U banklar qisqa muddatga bir-biriga qanday foizda pul qarz berayotganini koʻrsatadi.
Agar bu koʻrsatkich pasaysa, kredit stavkasi ham kamayishi mumkin. U oshganida esa qarz oluvchilar, aksincha, koʻproq toʻlashiga toʻgʻri keladi. Xuddi shu tamoyilni omonatlarga nisbatan ham qoʻllash rejalashtirilmoqda.
Masalan, UZONIA 14% boʻlsa va bank ustamasi 5 foiz punktini tashkil etsa, kredit boʻyicha yillik stavka 19% boʻladi. Indikator 12% gacha pasaysa, stavka 17% ni tashkil etadi.
Tashabbus 2027–2029 yillarga moʻljallangan pul-kredit siyosati loyihasiga kiritilgan. Yangi mahsulotlarni ishga tushirish muddatlari va ularning shartlari hozircha belgilanmagan. Banklar amaldagi shartnomalarni oʻzboshimchalik bilan oʻzgartira olmaydi.



