Oʻzbekistonning 2025 yilgi YaIMi qayta hisob-kitobdan soʻng 15 foizga oshirildi
Milliy statistika qoʻmitasi Oʻzbekistonning 2025 yilgi YaIM bahosini 1 849,7 trln soʻmdan 2 126,8 trln soʻmgacha qayta koʻrib chiqdi. Shu bilan birga, iqtisodiyotning real oʻsishi 7,7 foizdan 7,8 foizgacha aniqlashtirildi.

Qayta hisob-kitob 2017–2025 yillar maʼlumotlariga taalluqli boʻldi. Qoʻmita nominal YaIMning 15 foizga oshirilishi iqtisodiyotning qoʻshimcha oʻsishi bilan emas, statistik maʼlumotlarning yangilanishi bilan bogʻliqligini tushuntirdi.
Hisob-kitoblarda aholini va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari, shuningdek, korxonalar haqidagi aniqlashtirilgan maʼlumotlardan foydalanildi. Eng katta oʻzgarishlar xizmatlar sohasiga toʻgʻri keldi.
Jumladan, uy-joy fondi maydoni 734 mln kv. metrdan 1 032 mln kv. metrgacha qayta koʻrib chiqildi, bunda avval hisobga olinmagan obyektlar ham qoʻshildi. Qishloq xoʻjaligida ekin maydonlari, hosildorlik, chorva mollari soni va mahsulot ishlab chiqarish hajmlari aniqlashtirildi.
Oʻzgarishlar sanoat, qurilish va savdo sohalariga ham taalluqli boʻldi. Milliy statistika qoʻmitasi YaIMning choraklik koʻrsatkichlari hamda mamlakatdagi barcha viloyatlarning yalpi hududiy mahsulotini qayta hisoblab chiqdi.



