Mavzular
Iqtisodiyot

General Motors bosh direktor Meri Barrani almashtirishga tayyorlanmoqda

General Motors bosh direktor Meri Barraning oʻrniga nomzodlarni izlash uchun tashqi kompaniyani yolladi, biroq uning lavozimdan ketish muddati eʼlon qilinmagan.

19-noyabr, 12:31По-русски

Read in English

caranddriver.com

Wall Street Journal maʼlumotlariga koʻra, avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya 2014 yildan beri General Motorsʼni boshqarib kelayotgan Barraning vorisini koʻrib chiqmoqda. Kompaniya hozircha uning lavozimni qachon tark etishi mumkinligini ommaga maʼlum qilmagan.

Barra General Motors tarixida lavozimda eng uzoq qolgan rahbarlar orasida ikkinchi oʻrinda turadi va global avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyaga rahbarlik qilayotgan ilk ayoldir. U kompaniyani 12 yildan beri boshqarib kelmoqda — bu S&P 500 indeksidagi kompaniyalar bosh direktorlarining oʻrtacha faoliyat muddatidan taxminan ikki baravar koʻp.

Tashqaridan nomzodlarni izlash General Motorsʼda rahbarlarni uzoq yillardan beri oʻz xodimlari orasidan tayinlash amaliyoti mavjud boʻlgan bir paytda kechmoqda. Ehtimoliy nomzodlar qatorida moliyaviy direktor Pol Jeykobson, mahsulotlar yoʻnalishi rahbari Sterling Anderson hamda kompaniyada 40 yil ishlagan va bir necha yil Barraning oʻrinbosari boʻlgan Mark Royss tilga olinmoqda.

Barra General Motorsʼga kompaniya 2009 yildagi bankrotlikdan keyin hali tiklanayotgan paytda rahbarlik qila boshlagan. Uning rahbarligi davrida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya oʻn yil avvalgi davrga nisbatan avtomobil savdosini qisqartirdi, biroq pikaplar va boshqa yuk avtomobillari qatorida yuqori marjali modellar hisobiga foydasini oshirdi. Barra sentyabr oyida Fortune nashriga kompaniya rivojiga hissa qoʻshishda hamon davom etishi mumkinligini aytdi.