Mavzular
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston va Qatar turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qilmoqda

Oʻzbekiston va Qatar­ning yetakchi turizm kompaniyalari turistik mahsulotlarni targʻib qilish, operatorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish hamda qatar­lik sayohatchilar uchun maxsus paketlar yaratish masalalarini muhokama qildi.

23-noyabr, 13:33По-русски

Read in English

gov.uz

Qatarning sakkizta kompaniyasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekistonning turistik salohiyati, tarixiy-madaniy merosi, ziyorat obyektlari va infratuzilmasi taqdim etildi. Ishtirokchilar turizm sohasidagi islohotlarni ham koʻrib chiqdi.

Oʻzaro sayyohlik oqimini oshirish shartlari qatorida Oʻzbekiston va Qatar fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim, shuningdek, Toshkent va Doha oʻrtasida haftasiga beshta toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnov borligi qayd etildi.

Tomonlar Qatar bozorida Oʻzbekistonning turistik mahsulotlarini targʻib qilish, operatorlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish va qoʻshma marketing tadbirlarini oʻtkazishni muhokama qildi. Mumkin boʻlgan takliflar qatoridan Samarqand, Buxoro va Xiva boʻylab yoʻnalishlar, Toshkentdagi gastronomik va shahar sayohatlari, shuningdek, togʻ va sogʻlomlashtirish turizmi oʻrin oldi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar Qatar OAV va raqamli platformalari orqali Oʻzbekistonni targʻib qilish, turoperatorlar uchun tanishuv safarlarini tashkil etish, xalqaro koʻrgazma va forumlarda qatnashish, shuningdek, ikki poytaxt oʻrtasidagi reyslar sonini koʻpaytirish imkoniyatini koʻrib chiqdi. Uchrashuv Qatar delegatsiyasining Oʻzbekiston boʻylab tanishuv safari doirasida oʻtkazildi.