Shimoliy dengizda yangi konlar boʻyicha bahslar fonida gaz qazib olish boshlandi
Buyuk Britaniyaning Shimoliy dengizdagi sektorida Jackdaw konida gaz qazib olish boshlandi. Loyihani Shell va Equinor kompaniyalarining Britaniyadagi neft-gaz aktivlarini birlashtirish natijasida tuzilgan Adura kompaniyasi amalga oshirmoqda.

Qazib olingan gaz amaldagi Shearwater platformasi orqali Shotlandiyadagi St Fergus terminaliga yetkaziladi, u yerdan esa isteʼmolchilarga yoʻnaltiriladi. Toʻliq quvvatga chiqqach, kon Buyuk Britaniyadagi qariyb 1,4 mln xonadonni gaz bilan taʼminlay oladi. Loyiha mamlakatning import qilinadigan energiya resurslariga qaramligini kamaytirishga yordam berishi kerak.
Jackdaw loyihasi Buyuk Britaniya hukumati uni maʼqullaganidan bir oydan kam vaqt oʻtib ishga tushirildi. Biroq Shimoliy dengizni keyingi oʻzlashtirish rejalari siyosiy bahslarga sabab boʻlmoqda.
Jumladan, Shetland orollaridan gʻarbda joylashgan, qiymati qariyb 11,5 mlrd dollar boʻlgan Rosebank loyihasining taqdiri hamon savol ostida. The Sunday Times maʼlumotiga koʻra, Leyboristlar partiyasidan kamida 75 nafar deputat loyihani amalga oshirishga qarshi chiqqan.
Shu tariqa, Buyuk Britaniya bir vaqtning oʻzida energetik xavfsizlikni mustahkamlashga va 2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishish yoʻlidan borishga urinmoqda.



