Mavzular
Texnologiyalar

Vulcan raketasi Amazon Leoʻning 40 ta sunʼiy yoʻldoshini orbitaga chiqara olmadi

ULA Vulcan Centaur uchirilganidan 10 daqiqa oʻtib, shtatdan tashqari vaziyat yuz berganini maʼlum qildi.

16-noyabr, 15:07По-русски

Read in English

arstechnica.com

Uchirish 15 noyabr kuni Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan 41-sonli uchirish majmuasidan amalga oshirildi. ULA hozircha hodisa sababiga oid maʼlumotlarga ega emasligini bildirdi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qattiq yoqilgʻili tezlatkichlar meʼyorida ishlagan, muammo esa parvozning boshqa bosqichida yuzaga kelgan.

Bu uchirish dastur toʻxtatilganidan keyin Vulcan Centaur parvozlarini qayta boshlashi kerak edi. Atlas V raketasi oʻrnini egallagan Vulcan avval qattiq yoqilgʻili tezlatkichlar soplolaridagi nosozliklarga duch kelgan. Shunga qaramay, oʻsha paytda foydali yukni belgilangan orbitalarga yetkazishning uddasidan chiqilgan.

Vulcan raketalarining uchirilishi tez-tez yuz bergan nosozliklar AQSh Kosmik kuchlarida xavotir uygʻotganidan keyin toʻxtatildi. ULA nosozliklarning ehtimoliy sabablarini bartaraf etish uchun soplo konstruksiyasi va ishlab chiqarish jarayonlarini oʻzgartirganini maʼlum qilgan edi.

Yoʻqotilgan apparatlar SpaceXʼning Starlink tizimiga raqobatchi boʻlishi kerak boʻlgan Amazon Leo guruhlanmasi uchun moʻljallangan edi. Amazon jami 3200 ta sunʼiy yoʻldoshni orbitaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bungacha kompaniya Atlas V, SpaceX Falcon 9 va Arianespace Ariane 6 raketalari yordamida kosmosga 400 ga yaqin apparat joʻnatgan.