Mavzular
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda telefonlar import bojini bekor qilish rejalashtirilmoqda

Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi boʻyicha muzokaralarda mobil qurilmalar import bojini nolga tushirishga kelishildi. 12 foizlik QQS saqlab qolinadi.

12-noyabr, 16:46По-русски

Read in English

Bojxona qoʻmitasi vakilining baholashicha, stavka nolga tushirilgach, budjet mobil qurilmalar importidan 300–400 mlrd soʻm kam daromad olishi mumkin. Shu bilan birga, xaridorlar uchun telefonlar narxi taxminan 5 foizga arzonlashishi mumkin.

Hozir importchilar 5 foiz miqdoridagi bojxona boji va 12 foizlik QQSni toʻlaydi. Stavka oʻzgargach, QQS toʻlash majburiyati saqlanadi, bojxona boji esa undirilmaydi. Nol stavkani joriy etishning aniq sanasi hozircha eʼlon qilinmagan.

2026-yil yanvar–sentabr oylarida bojxona organlari 63,5 trln soʻm miqdorida toʻlov undirdi. Shu bilan birga, yanvar–oktabr oylarida mobil qurilmalar importidan tushgan mablagʻ 2 trln soʻmni tashkil etdi.

Idorada xabar berilishicha, yashirin importga qarshi kurashning maqsadlaridan biri rasmiy yetkazib beruvchilar uchun teng sharoit yaratish boʻlib qolmoqda. Qonuniy importchilar bojxona toʻlovlari va ichki soliqlarni toʻlaydi, norasmiy bozor ishtirokchilari esa xarajatlarning bir qismidan qochishi mumkin.

Bojxona qoʻmitasi IMEI kodlaridan faqat toʻlovlarni nazorat qilish uchun foydalanilmasligini ham tushuntirdi. Tizim qurilmalar muomalasining qonuniyligini tekshirish, oʻgʻirlangan telefonlarni aniqlash va bloklash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish hamda firibgarlikka qarshi kurashishga yordam beradi.

Boj stavkalarini belgilash qoʻmitaning vakolatiga kirmaydi; bu masala vakolatli vazirliklar tomonidan tartibga solinadi.