Yaponiyalik olimlar milk kasalliklariga qarshi kurashishning yangi usulini ishlab chiqdi
Nagoya universiteti tadqiqotchilari milklarning yalligʻlanishiga sabab boʻladigan bakteriyalarni yoʻq qiladigan, biroq ogʻiz boʻshligʻidagi foydali mikroorganizmlarni saqlab qoladigan eksperimental texnologiyani taklif qildi.

Yangi usul tuxum sarigʻidan olingan antitanalar va yaqin infraqizil nur taʼsirini birlashtiradi. Antitanalar parodontit rivojlanishi bilan bogʻliq Porphyromonas gingivalis bakteriyasini taniydi. Nur bilan nurlantirilgandan soʻng, yorugʻlik maxsus boʻyoqni faollashtiradi. Boʻyoq bakteriya qobigʻini shikastlab, uning nobud boʻlishiga olib keladi.
Laboratoriya tajribalarida texnologiya sogʻlom milk hujayralari va bakteriyalarning boshqa turlariga zarar yetkazmadi. Sichqonlar ustidagi sinovlar ham zararli mikroorganizmlar soni kamayganini va tishlarni ushlab turuvchi suyak toʻqimasi yoʻqolishi qisqarganini koʻrsatdi.
Parodontit — tishlarni oʻrab turgan toʻqimalarning yalligʻlanish kasalligi. Kasallik ogʻir kechganda, suyak toʻqimasining yemirilishiga va tishlarning yoʻqolishiga olib kelishi mumkin.
Tadqiqot natijalari Journal of Translational Medicine jurnalida eʼlon qilindi. Hozircha usul faqat laboratoriyada va hayvonlarda sinovdan oʻtkazilgan. Uning odamlardagi samaradorligi va xavfsizligini baholash uchun klinik sinovlar oʻtkazish kerak boʻladi.
Yana oʻqing

Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
«Roskosmos» kosmonavtlarga yordam berish va sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini yaxshilash uchun sunʼiy intellektdan foydalanadi
Texnologiyalar10:41
