Mavzular
Iqtisodiyot

Yevropada tabiiy gaz narxlari yaqinlashayotgan sovuq havo fonida 8,6 foizga oshdi

Hafta boshida Yevropadagi TTF gaz narxi 8,6 foizga oshib, 1 MVt·soat uchun 96,075 yevroga yetdi. Rekord darajada past zaxiralar fonida sovuq havo boʻlishi haqidagi prognozlar bozorga taʼsir koʻrsatdi.

23-noyabr, 14:55По-русски

Read in English

oilprice.com

TTF benchmark shartnomasi narxi bir haftadan koʻproq vaqt ichidagi eng kuchli kunlik oʻsishni qayd etdi. Shu bilan birga, Yevropada gaz narxlari oʻtgan yilning xuddi shu davriga nisbatan deyarli uch baravar oshdi.

Narxlarning koʻtarilishiga urush bilan bogʻliq holda Yaqin Sharqdan suyultirilgan tabiiy gaz (SPG) eksportidagi uzilishlar asosiy sabab boʻldi. QatarEnergyʼning fors-major holati spot bozorda narxlarni oshirdi va yozda yevropalik treyderlarning talabini pasaytirdi — odatda aynan shu davrda kompaniyalar omborlarni eng faol toʻldiradi. Ehtimol, treyderlar narxlar yoʻnalishi oʻzgarishini kutib, yirik xaridlarni kechiktirgan, biroq Yevropa mamlakatlari isitish mavsumiga odatdagidan past zaxiralar bilan kirdi.

Gas Infrastructure Europeʼning rasmiy maʼlumotlariga koʻra, yakshanba kuni Yevropa Ittifoqi omborlari 69,17 foizga toʻldirilgan va ularda qariyb 781 TVt·soat gaz bor edi. Soʻnggi haftalarda yozda omborlarga haydalgan gaz hajmining, baholashlarga koʻra, 10 foizi sarflab olindi. Bu esa taʼminotni ehtimoliy keskin sovuqlar oldida zaif holatda qoldirmoqda.

Rossiya SPGʻsini saqlanib qolgan uzoq muddatli shartnomalar boʻyicha import qilishni taqiqlovchi choralar 2027-yil 1-yanvarda kuchga kirgach, vaziyat yanada murakkablashishi mumkin. Joriy yilda Yevropa importchilari Novatekʼning Yamal LNG obyektida ishlab chiqarilgan SPGning deyarli barchasini xarid qildi.