NBA Yevropadagi arenalarga qariyb 10 mlrd yevro sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda
NBA 2027 yilga borib FIBA bilan hamkorlikda yangi professional liga tashkil etishga tayyorgarlik doirasida Yevropadagi arenalarni rivojlantirish va yangilashga sarmoya kiritish uchun investitsiya kompaniyalarini birlashtirdi.

Mablagʻlar nafaqat sport inshootlariga, balki ularga tutash hududlarni rivojlantirishga ham yoʻnaltirilishi rejalashtirilmoqda. Rejalarda uy-joylar, ish maydonlari, restoranlar, doʻkonlar va yil davomida odamlarni jalb qiladigan jamoat hududlarini barpo etish koʻzda tutilgan.
Boʻlajak klublar va mulkdorlar guruhlari zamonaviy arenalar hamda ularning atrofidagi infratuzilmani yaratish uchun NBA kapitali va ekspertizasidan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Tashabbus NBA va FIBAning 2027 yilda Yevropada yangi professional basketbol tizimini ishga tushirish rejalarining bir qismidir.
NBA komissari Adam Silver zamonaviy arenalar va ular bilan bogʻliq loyihalar jamoalarga muxlislar taassurotlarini yaxshilash hamda koʻproq tadbirlarni jalb etishga yordam berishi mumkinligini aytdi.
Eʼlonda keltirilgan The Sports Consultancy tadqiqotiga koʻra, yangi liga Yevropa iqtisodiyotiga 24 mlrd yevrodan ortiq yalpi qoʻshilgan qiymat keltirishi mumkin. Shuningdek, u har yili toʻliq bandlik hisobida qariyb 15 000 ta ish oʻrnini qoʻllab-quvvatlashi va dastlabki 10 yil ichida qariyb 70 mln tomoshabinni jalb qilishi mumkin.



