Markaziy Osiyo mamlakatlari uchta yangi qoʻshma loyihani kelishib oldi
Bishkek shahrida Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun BMT Maxsus dasturi (SPECA) ishtirokchilari transport, savdo va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Bishkek deklaratsiyasi qabul qilindi va uchta loyiha maʼqullandi, deb xabar beradi Avesta.tj.
Birinchi loyiha toʻgʻonlar xavfsizligini oshirishga qaratilgan. Ikkinchi loyiha transport koridorlarini, jumladan, Transkaspiy yoʻnalishini rivojlantirish hamda turli transport turlaridan foydalaniladigan tashuvlarni yaxshilashni nazarda tutadi.
Uchinchi loyiha «yashil» iqtisodiyotga bagʻishlangan boʻlib, savdoni soddalashtirish, qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash va kichik hamda oʻrta biznesning raqobatbardoshligini oshirishni oʻz ichiga oladi.
Moliyalashtirishni Ozarbayjon, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston badallari hisobidan SPECA maxsus jamgʻarmasi taʼminlaydi. Hozir jamgʻarma jami oltita loyihani qoʻllab-quvvatlamoqda.
2027 yilda dasturga raislik Oʻzbekistonga oʻtadi.



