Oʻzbekistonda maishiy gaz ballonlarini toʻldirish qoidalariga aniqlik kiritildi
Oʻzbekistonda maishiy gaz ballonlarini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida toʻldirish taqiqlangan. 2027-yil 5-fevraldan buning uchun maʼmuriy javobgarlik qoʻllanila boshlaydi; ballonlarni ixtisoslashtirilgan gaz toʻldirish stansiyalari va punktlarida toʻldirishga ruxsat beriladi.

Ballonlarni avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida toʻldirish taqiqi yongʻin xavfsizligi qoidalarida belgilangan. Shu bilan birga, aholi uchun ballonlarni toʻldirish cheklanmaydi: buni tegishli ruxsatnomalarga ega ixtisoslashtirilgan gaz toʻldirish stansiyalari va punktlarida amalga oshirish mumkin.
Oʻzbekistonda 360 dan ortiq mustaqil gaz toʻldirish stansiyalari va gaz toʻldirish punktlari faoliyat yuritadi. Aholi uchun ballonlarni toʻldirishni qulaylashtirish maqsadida amaldagi avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari hududida xavfsizlik talablariga javob beradigan alohida postlarni jihozlash taklif qilindi.



