Buffett indikatori dotkomlar pufagi darajasidan 70 punktdan koʻproqqa oshdi
AQSh fond bozorining umumiy qiymatini mamlakat iqtisodiyoti hajmi bilan taqqoslaydigan koʻrsatkich 222 foizga yetdi. Bu 2000-yilda texnologiyalar bozori qulashidan oldin qayd etilgan darajadan ancha yuqori.

Buffett indikatori ommaviy savdoga chiqarilgan AQSh kompaniyalarining umumiy bozor qiymatining mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatidan hisoblanadi. The Motley Fool maʼlumotlariga koʻra, hozir bu koʻrsatkich 222 foizni tashkil etmoqda, dotkomlar bumining 2000-yil bahoridagi choʻqqisida esa u 150 foizdan sal past boʻlgan.
Koʻrsatkichning yuqori qiymatlari aksiyalar narxi oshirib baholanganiga va uzoq muddatli istiqbolda investitsiyalardan olinadigan daromadlilik pastroq boʻlishi mumkinligiga ishora qilishi mumkin. JPMorgan Asset Management bahosiga koʻra, AQShning yirik kompaniyalari aksiyalari kelgusi 10–15 yil davomida yiliga oʻrtacha 7,5 foiz daromad keltirishi mumkin. Taqqoslash uchun, bundan oldingi oʻn yilda ularning oʻrtacha yillik daromadliligi 14,7 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, indikator AQSh kompaniyalarining xorijdagi tushumlarini hisobga olmaydi, bu esa bozor bahosini oshirib koʻrsatishi mumkin. Maqola muallifi, shuningdek, moliyaviy bozorlarni qoʻllab-quvvatlayotgan pul massasi va AQSh davlat qarzining oʻsishiga eʼtibor qaratadi.
Ekspert investorlarga diversifikatsiyalangan portfellarni saqlashni va bozor qulashining qachon yuz berishini oldindan topishga urinmaslikni maslahat beradi.



