Mavzular
Iqtisodiyot

Applied Digital kompaniyasining koʻp milliardlik kelishuvidan soʻng sunʼiy intellekt bilan bogʻliq kompaniyalar aksiyalari keskin oshdi

Amerikaning Applied Digital kompaniyasi nomi oshkor etilmagan yirik bulutli hisoblash operatori bilan 5,4 mlrd dollarlik uzoq muddatli kelishuv tuzganidan soʻng uning aksiyalari 26 foizga qimmatlashdi. Sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish haqidagi yangiliklar fonida ushbu sektordagi boshqa kompaniyalar kotirovkalari ham oʻsdi.

24-noyabr, 13:29По-русски

Read in English

247wallst.com

Applied Digital maʼlumotlarni qayta ishlash markazi quvvatlarini 18 yil muddatga ijaraga berish toʻgʻrisida shartnoma imzoladi. Yirik bulutli xizmatlar operatori 150 MVt hajmdagi hisoblash quvvatlaridan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Shartnomaning bazaviy summasi 5,4 mlrd dollarni tashkil etadi, uzaytirish boʻyicha barcha opsiyalardan foydalanilganda esa 33 yilgacha boʻlgan muddat davomida 12,7 mlrd dollarga yetishi mumkin. Quvvatlarni topshirish 2028 yilning birinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda.

Bu yangilik sunʼiy intellekt uchun infratuzilma yaratayotgan boshqa kompaniyalar aksiyalarini ham qoʻllab-quvvatladi. Cipher Digital aksiyalari 19 foizga, TeraWulf aksiyalari 15 foizga, Core Scientific aksiyalari esa 14 foizga oʻsdi. IREN aksiyalari yanada koʻproq — 28 foizga qimmatlashdi.

Oʻsishga taʼsir qilgan qoʻshimcha omil Jensen Huangning NVIDIA bosh direktori lavozimiga qaytishi haqidagi xabar boʻldi. Shu fonda kompaniya aksiyalari 27 foizga oshdi.

Investorlarning sektorga qiziqishi sunʼiy intellekt uchun maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari va hisoblash quvvatlariga talab ortib borayotgani fonida kuchaydi. Biroq soha kompaniyalari yuqori qarz yukiga duch kelmoqda, aksiyalarining keyingi dinamikasi esa keng koʻlamli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va ularni moliyalashtirish imkoniyatiga bogʻliq boʻladi.