Mavzular
Jamiyat

Antarktidada taxminan 1,5 mln yillik eng qadimiy muzni olishga urinib koʻriladi

Rossiyalik olimlar Antarktidada burgʻilash qudugʻi ochib, taxminan 1,5 mln yillik muz namunalarini olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Arktika va Antarktika ilmiy-tadqiqot instituti (AANII) direktori Aleksandr Makarov maʼlum qildi.

13-noyabr, 13:03По-русски

Read in English

пресс-служба ААНИИ / petrograd.ru

Ishlar Rossiyaning 72-Antarktika ekspeditsiyasi doirasida, Vostok stansiyasidan taxminan 300 km uzoqlikda olib boriladi. Birinchi bosqichda tadqiqotchilar 100 metrgacha chuqurlikdagi quduqni burgʻilashni rejalashtirmoqda. Namunalar B gumbazida kelgusida yanada chuqurroq burgʻilash uchun joyni aniqlashga yordam berishi kerak.

Makarovning soʻzlariga koʻra, avvalroq Vostok stansiyasida yoshi 1 mln yildan oshgan muz kernlari olingan. Biroq qatlamlar buzilgani sababli ular iqlim rekonstruksiyalari uchun toʻliq mos kelmaydi: taxminan 420–450 ming yil avvalgi davr darajasida muz tarkibidagi signal buziladi.

Olimlar yanada qadimiy, uzluksiz qatlamlarni oʻrganmoqchi, chunki hozir atmosferadagi karbonat angidrid konsentratsiyasi avvalgi 800 ming–1 mln yil davomida qayd etilgan koʻrsatkichlardan sezilarli darajada yuqori. Kutilishicha, bunday maʼlumotlar sayyora tarixida iqlimi hozirgi iliq davrga oʻxshash boʻlgan davrni topish va iqlimdagi ehtimoliy oʻzgarishlarni oʻrganishga yordam beradi.

Ekspeditsiya dasturi jami tabiiy muhit, okean, muz, geofizika, geologiya, mikrobiologiya hamda insonning ekstremal sharoitlarga moslashuvini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. «Akademik Fyodorov» kemasi bortidan suv massalarining harakati, iliq chuqur suvlarning tarqalishi, shuningdek, okeanning atmosfera va dengiz muzi bilan oʻzaro taʼsirini ham oʻrganish rejalashtirilmoqda.