SI mavjud boʻlmagan yoʻl harakati qoidalari bandini oʻylab topishi mumkin: neyrotarmoq yordamida imtihonga qanday tayyorlanish kerak
Runet tahliliy nashrining bosh muharriri Vladimir Zykov ogohlantirdi: sunʼiy intellekt xato qilishi, turli mamlakatlar qoidalarini aralashtirib yuborishi va yoʻl harakati qoidalarida mavjud boʻlmagan bandlarga havola qilishi mumkin.

Zykovning fikricha, yoʻl harakati qoidalari boʻyicha imtihonga tayyorlanishda neyrotarmoqqa toʻliq tayanib boʻlmaydi. SI notoʻgʻri javobni ishonarli tarzda tushuntirib berishi mumkin. Natijada oʻquvchi xatoni eslab qoladi va uni amaldagi qoida deb qabul qiladi.
Buning sabablaridan biri — turli mamlakatlardagi yoʻl harakati qoidalarining oʻxshashligi bilan birga, ular oʻrtasida muhim farqlar ham borligi. AQShning ayrim shtatlarida toʻliq toʻxtagandan keyin qizil chiroqda oʻngga burilishga ruxsat beriladi, agar bunday manyovr alohida taqiqlanmagan boʻlsa. Oʻzbekistonda esa ruxsat beruvchi signal boʻlmasa, bunday burilish taqiqlangan. Xorijiy materiallar asosida oʻqitilgan neyrotarmoqdan faqat Rossiya yoʻl harakati qoidalaridan foydalanishni soʻragandan keyin ham u turli davlatlarning meʼyorlarini chalkashtirib yuborishi mumkin.
Bundan tashqari, qoidalar vaqti-vaqti bilan yangilanadi, SI esa eskirgan maʼlumotlarga tayanib qolishi mumkin. Neyrotarmoq qoidalarda mavjud boʻlmagan bandni oʻylab topishi, amaldagi meʼyorni xato bayon qilishi yoki mavjud boʻlmagan bandning aniq raqamini koʻrsatishi ham mumkin. Bu javob goʻyoki rasmiy hujjat bilan tasdiqlangandek taassurot uygʻotadi.
Mutaxassis tayyorgarlik koʻrishda amaldagi imtihon biletlaridan foydalanishni tavsiya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, neyrotarmoq qoʻshimcha vosita boʻlishi mumkin: undan murakkab savolni sodda soʻzlar bilan tushuntirishni, vaziyatni tahlil qilishni yoki misollar keltirishni soʻrash mumkin.
Yana oʻqing

Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
«Roskosmos» kosmonavtlarga yordam berish va sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini yaxshilash uchun sunʼiy intellektdan foydalanadi
Texnologiyalar10:41
