Qishda gaz taqsimotida ustuvorlik aholiga va ijtimoiy obyektlarga beriladi
Qishda gaz taqsimotida turar joylar, maktablar, bolalar bogʻchalari va shifoxonalarga ustuvorlik beriladi. Vazirlar Mahkamasi 2026–2027-yillar mavsumida gaz bilan taʼminlash tartibini tasdiqladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati. Hujjat 1-oktabrdan 31-martgacha boʻlgan davrni qamrab oladi.

Ustuvor isteʼmolchilar qatoriga strategik jihatdan muhim obyektlar ham kiradi. Aholi va ijtimoiy muassasalarni gaz bilan taʼminlash uchun havo keskin sovigan paytda boshqa toifadagi isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan gaz hajmi vaqtincha qisqartirilishi mumkin.
Energetika vazirligi va gaz taʼminoti tashkilotlari ob-havo hamda mavjud resurslarni hisobga olgan holda sutkalik va oʻn kunlik jadvallarni tuzadi. Keyingi oy uchun rejalarni Respublika komissiyasi tasdiqlaydi. Gazni shahar va tumanlar boʻyicha taqsimlash bilan hokimliklar hamda «Hududgaztaʼminot» boʻlinmalari shugʻullanadi.
Magistral gaz quvurlaridagi bosim pasaysa yoki mavjud gaz hajmlarida kutilmagan oʻzgarish yuz bersa, jadvallar tezkor ravishda qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Aholi va ijtimoiy obyektlarga beriladigan ustuvorlik saqlanib qoladi.



