Mavzular
Iqtisodiyot

Oʻzbekistonda issiqxona uskunalarini sertifikatlash 1 mln soʻmdan oshmaydi

Oʻzbekistonda issiqxona qozonlarini sertifikatlashning eng yuqori qiymati belgilanadi — u 1 mln soʻmdan oshmaydi. Bu qaror uskunalarni tekshirtirish xarajatlari keskin oshganidan shikoyat qilgan tadbirkorlarning murojaatlaridan soʻng qabul qilindi.

24-noyabr, 14:02По-русски

Read in English

Ekologik ekspertiza markazi Ekologik sertifikatlash boshqarmasi bilan issiqxona qozonlariga sertifikat berish qiymatini cheklash boʻyicha kelishib oldi. Bu summaga uskunalarni laboratoriyada tekshirish ham kiritilgan.

Avvalroq issiqxona egalari qozonlarni tekshirtirish uchun ulardan oldingi 9 mln soʻm oʻrniga qariyb 38 mln soʻm talab qilinganini bildirgan edi.

Shu bilan birga, uskunalarni sertifikatlash ekologik ekspertiza qiymatiga kirmaydigan alohida xizmat hisoblanadi. Uning tariflarini hukumat may oyida tasdiqlagan. Atrof-muhitga taʼsirining uchinchi toifasiga kiruvchi issiqxonalar uchun bunday ekspertiza qiymati 2,86 mln soʻmni tashkil etadi.

Ekologik ekspertizaning bu 2,86 mln soʻmlik qiymatiga laboratoriya tekshiruvlari, oʻlchovlar va qozonlarni sertifikatlash ham kirmaydi. Shunday qilib, yangi cheklov issiqxona xoʻjaliklari egalarining moliyaviy yukini kamaytirishi kerak.