Toshkentda Amerika standartlari asosida elektrotexnika uskunalari zavodi quriladi
Toshkentda qiymati 42 mln dollar boʻlgan INNOVATION TECHNOLOGIES zavodi loyihasi amalga oshirilmoqda: birinchi bosqichni 2027 yil oxirida ishga tushirish va 650 ta ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Loyiha ustidagi ishlar Toshkent xalqaro investitsiya forumidan keyin, iyun oyida boshlangan. Hozir u faol bosqichda, uskunalar esa allaqachon shaharga yetkazilgan.
Birinchi bosqichga 42 mln dollar, jumladan, 29,4 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar kiritish rejalashtirilgan. Korxonada 180 dan ortiq turdagi mahsulot, jumladan, transformatorlar, generatorlar, elektr dvigatellari, nasoslar, podstansiyalar va taqsimlash qurilmalarini ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Ishlab chiqarish lazer yordamida kesish uskunalari, robotlashtirilgan payvandlash uskunalari va raqamli dasturiy boshqaruvga ega stanoklar bilan jihozlanadi. Shuningdek, sinov laboratoriyasi ham tashkil etiladi. Mutaxassislar Amerika standartlari asosida oʻqitiladi, mahsulotlar esa ANSI/IEEE talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Birinchi bosqichda mahsulotlar Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari bozorlariga yoʻnaltiriladi. Istiqbolda loyiha AQSh bozoriga chiqishni ham nazarda tutadi. Misdan tayyorlanadigan yuqori texnologiyali mahsulotlar va maʼlumotlar markazlari uchun uskunalar ishlab chiqarish masalasi ham alohida koʻrib chiqilmoqda. Birinchi bosqichni ishga tushirish 2027 yil oxiriga rejalashtirilgan.



