Toshkentda qariyb 23 km uzunlikdagi avtobus koridori barpo etilmoqda
Oʻzbekiston poytaxtida Sergeli va Yunusobod tumanlarini bogʻlaydigan BRT tezkor avtobus koridori qurilmoqda. Yoʻnalishning umumiy uzunligi 22,7 kmni tashkil etadi.

Koridor toʻrtta koʻcha boʻylab oʻtadi. Shota Rustaveli koʻchasida 6,5 km uzunlikdagi qism allaqachon ishlamoqda. Shahrisabz koʻchasidagi 3,2 kmning 2,2 km qismi ishga tushirilgan. Amir Temur shoh koʻchasida 7,6 km uzunlikdagi qismda ishlar boshlangan, Yangi Sergelida esa yana 5,5 km uzunlikdagi qismni qurishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Yoʻnalish boʻylab elektron tablolar, kuzatuv kameralari va SOS tugmalari bilan jihozlangan zamonaviy bekatlar tashkil etiladi. Avtobuslar chorrahalarda kamroq toʻxtashi uchun svetoforlar «yashil toʻlqin» tizimiga oʻtkaziladi.
Transport vazirligi maʼlumotiga koʻra, Shota Rustaveli koʻchasida BRT ishga tushirilganidan keyin avtobuslar tezligi 45 foizga, yengil avtomobillar tezligi esa 18 foizga oshgan. Jamoat transportidan har kuni foydalanadigan yoʻlovchilar soni qariyb 8 ming kishiga koʻpaygan.
Butun loyihani yakunlash muddati hozircha eʼlon qilinmagan.



