2027 yilda ehtimoliy ayiq bozoridan portfelni qanday himoya qilish mumkin
Uch yil ketma-ket muvaffaqiyatli oʻtganidan soʻng, AQSh fond bozori sovishi mumkin. S&P 500 indeksi 2023 yilda qariyb 26 foizga, 2024 yilda 25 foizga va 2025 yilda 18 foizga oʻsdi. Biroq investorlar kayfiyati yomonlashmoqda va 2027 yilda ayiq bozori yuzaga kelishi istisno etilmaydi, deb yozadi The Motley Fool.

Asosiy xavf generativ sunʼiy intellektga sarflanayotgan mablagʻlar atrofidagi noaniqlik bilan bogʻliq. Beshta texnologiya giganti — Apple, Nvidia, Microsoft, Amazon va Alphabet — S&P 500 indeksining qariyb 30 foizini tashkil etadi. Shu bois ularning aksiyalari tushishi butun indeksga kuchli zarba beradi. Appleʼdan tashqari, ularning barchasi sunʼiy intellektga yuzlab milliard dollar sarmoya kiritmoqda, arzon ochiq kodli va Xitoyda ishlab chiqilgan modellar esa raqobatni kuchaytirmoqda.
Muallif portfelni himoya qilishning uchta usulini taklif qiladi. Birinchisi — portfeldagi yirik texnologik kompaniyalar ulushini kamaytirish. Ikkinchisi — «zerikarli» aktivlarni qoʻshish: daromadliligi 4 foizdan yuqori boʻlgan qisqa muddatli AQSh davlat obligatsiyalari, tamaki kompaniyalari aksiyalari va REITlar. Misol sifatida Uorren Baffettga tegishli Berkshire Hathaway keltiriladi: kompaniya rekord darajadagi 365,5 mlrd dollarni naqd pul va likvid qimmatli qogʻozlarda saqlamoqda. Uchinchisi — uzoq muddatli istiqbolga eʼtibor qaratish, chunki tarixan bozor pasayishlardan keyin tiklanadi.



