Nissan ananas barglari tolalaridan avtomobil kuzov panellarini ishlab chiqdi
Yaponiyaning Nissan kompaniyasi FOOD REBORN bilan hamkorlikda avtomobil kuzov panellari uchun yangi kompozit material ishlab chiqdi. Uning asosini odatda qishloq xoʻjaligi chiqindisi sifatida qolib ketadigan ananas barglaridan olingan tolalar tashkil etadi.

Texnologiya tolalarni ajratib olish, ularni yassi ipga qayta ishlash va keyinchalik mato tayyorlashni nazarda tutadi. Ushbu texnologiya armaturalangan plastmassa yaratishda qoʻllanadi. Nissan kompaniyasining ichki sinovlari natijalariga koʻra, yangi material choʻzilishdagi mustahkamligi boʻyicha zigʻir tolalari asosidagi anʼanaviy kompozitlardan ustun.
Kompaniya ushbu ishlanmani qoʻllashning istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida avtosportni koʻrmoqda. Ayrim poyga toifalarida seriyali avtomobillarning tashqi kuzov panellari oʻzgartirilganda faqat tabiiy tolalar bilan armaturalangan plastmassalardan foydalanishga ruxsat beriladi. Bunda bunday materiallarni yetkazib beruvchilar tanlovi cheklangan, ularni xarid qilish esa jamoalarga qimmatga tushadi.
Nissan yangi texnologiya shu kabi materiallardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi, deb hisoblamoqda. Kompaniya, shuningdek, tolalar, mato va oraliq kompozit material tayyorlash boʻyicha ishlab chiqarish ishlanmalarini hamkoriga topshirdi.
Kelgusida ushbu material nafaqat avtomobilsozlikda, balki sport anjomlari ishlab chiqarishda ham qoʻllanishi mumkin.
Yana oʻqing

Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
«Roskosmos» kosmonavtlarga yordam berish va sunʼiy yoʻldosh tasvirlarini yaxshilash uchun sunʼiy intellektdan foydalanadi
Texnologiyalar10:41
