HotelPro HUB Central Asia 2026 forumi Toshkentda boʻlib oʻtdi
HotelPro HUB Central Asia 2026 forumida 500 dan ortiq ishtirokchi investitsiyalar, mehmonxona loyihalari va xalqaro brendlar bilan hamkorlikni muhokama qildi.

Forumning ochilish marosimida Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Aqqulov ishtirok etdi. U forumni mehmonxona biznesi vakillari muloqoti uchun xalqaro maydon deb atadi va uni turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash tashabbuslari bilan bogʻladi.
Aqqulovning aytishicha, 2026 yil 27 avgustdagi farmon bilan mehmonxonalarni qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlashni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilgan, shuningdek, qator soliq va bojxona imtiyozlarining amal qilish muddati uzaytirilgan. Loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga oid ayrim vazifalar Parkent tumanida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotdan keyin belgilangan.
Tadbirda Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlardan 40 dan ortiq kompaniyaning 500 dan ortiq vakili qatnashdi. Dasturda 1 000 dan ortiq B2B uchrashuvlari, startaplar va mehmonxona biznesi uchun yechimlar taqdimotlari koʻzda tutilgan edi. Shuningdek, sunʼiy intellekt, avtomatlashtirish, investitsiyalar va turistik hududlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Aqqulov 2027 yil Barqaror va bardoshli turizm xalqaro yili deb eʼlon qilinganini maʼlum qildi. Uning ochilish marosimi 27 noyabrga rejalashtirilgan.



