JSTga qoʻshilish doirasida IMEI toʻlovi bekor qilinishi masalasi hali koʻtarilgani yoʻq — UzIMEI
UzIMEI Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishi munosabati bilan IMEIʼni roʻyxatdan oʻtkazish toʻlovini bekor qilish masalasini koʻrib chiqmayapti. Hozirda yigʻim 88 ming soʻmni tashkil etadi.

UzIMEI tizimi operatori Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi doirasida IMEI-kodlarni roʻyxatdan oʻtkazish toʻlovini bekor qilish yoki kamaytirish masalasini muhokama qilmayapti. Bu haqda 11 noyabr kuni Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi boʻlim boshligʻi Otabek Azimov maʼlum qildi.
UzIMEI va Bojxona qoʻmitasi matbuot anjumanida amaldordan bir kod uchun toʻlov 88 ming soʻmdan 30–40 ming soʻmgacha kamayishi mumkinmi, deb soʻrashdi. Azimovning aytishicha, JST talablari IMEI uchun toʻlovlarga taalluqli emas: muzokaralar bojxona sohasidan boshlangan, telefonlarni roʻyxatdan oʻtkazish masalasi esa ularda koʻtarilmagan.
Yanvardan sentyabrgacha mamlakatda 7,34 mln IMEI-kod roʻyxatdan oʻtkazildi. Roʻyxatdan oʻtkazishlarning asosiy qismini importyorlar amalga oshirdi, kamroq ulush esa rezidentlar va norezidentlarga toʻgʻri keldi.
Roʻyxatdan oʻtkazishlarning eng koʻpi sentyabr oyiga toʻgʻri keldi — 1,03 mln. Mart oyida bu koʻrsatkich eng past boʻlib, 550 mingta roʻyxatdan oʻtkazishni tashkil etdi.



