BMT 7,3 mln kishiga oziq-ovqat yordami qisqarishi xavfi haqida ogohlantirdi
Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ijrochi direktori Lyuk Lindberg BMT Xavfsizlik kengashida Ormuz boʻgʻozi, Bab al-Mandab va Qora dengizdagi uzilishlar 7,3 mln kishiga yordam koʻrsatilishini xavf ostida qoldirishi mumkinligini aytdi.

Agar vaziyat saqlanib qolsa, BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi 2027-yil oʻrtalariga qadar 727 mln dollar miqdorida qoʻshimcha xarajatlar boʻlishini kutmoqda. Lindbergning soʻzlariga koʻra, bu muhtoj oilalarga oziq-ovqat yetkazib berishni qisqartirishga olib kelishi mumkin.
WFP uzilishlarni mojarolar koʻpayishi va iqlimiy zarbalar, jumladan, El-Ninyo bilan bogʻlamoqda. Dunyo boʻyicha oʻgʻit yetkazib berishning qariyb 30 foizi Ormuz boʻgʻozi orqali oʻtadi. Qora dengiz Somali va Yaman uchun muhim don manbai boʻlib qolmoqda, Yaman oziq-ovqatining 90 foizini import qiladi.
Oktabr oʻrtalariga kelib, Bosfor orqali bugʻdoy va makkajoʻxori ortilgan kemalar bir yil avvalgiga qaraganda 63 foizga kamroq oʻtdi. WFP bahosiga koʻra, 10 mln tonnagacha Rossiya va Ukraina gʻallasi jahon bozorlariga chiqmay qolishi mumkin — bu miqdor taxminan 44 mln kishiga yetar edi.
Hozir keskin ochlik 266 mln kishiga taʼsir qilmoqda, Sudan, Janubiy Sudan va Somalining ayrim hududlarida esa ocharchilik xavfi saqlanib qolmoqda. Sudanda asosiy oziq-ovqat ratsioni narxi fevraldan beri 130 foizga oshdi. Lindberg mamlakatlarni ocharchilikka yoʻl qoʻymaslikka, oziq-ovqatdan qurol sifatida foydalanmaslikka va gumanitar xodimlarga hujum qilmaslikka chaqirdi.



