Tramp butalarda undan yashiringan kurkani afv etdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Shukronalik kuni sharafiga oʻtkazilgan anʼanaviy marosimda ramziy ravishda soʻyilishdan ozod qilinishi kerak boʻlgan ikki qushdan birini darhol topa olmadi.

Oq uyda Shukronalik kuniga bagʻishlangan kurkalarni har yili afv etish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu yil bayram 26 noyabrda nishonlanadi.
Tadbirda Fridom va Fezers laqabli ikki qush ishtirok etish uchun tanlandi. Biroq Trampga faqat bitta kurka taqdim etilgach, u ikkinchisi qayerga ketganini soʻradi. Oq uy vakillari Fezers maysazordagi butalar orasiga yashiringanini tushuntirdi.
«Biz Fezersni ham afv etamiz. Menimcha, ikkalasini ham afv etamiz», — dedi AQSh prezidenti. Shundan soʻng u ikkala kurkani ham afv etilgan deb eʼlon qildi.
Marosim kadrlari Oq uy tomonidan eʼlon qilindi.
Kurkalarni ramziy ravishda afv etish anʼanasi AQShda 1940-yillardan beri mavjud. Prezident har yili ikki qushni Shukronalik kunidagi bayram dasturxoniga tortilish taqdiridan ozod qiladi.



