Mavzular
Madaniyat

Tidal sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan musiqani toʻliq taqiqlaydi

Musiqiy striming xizmati Tidal 9-dekabrdan boshlab toʻliq sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan treklarni katalogidan oʻchira boshlaydi. Platforma hisob-kitoblariga koʻra, bu qariyb 29 mln yozuvga taalluqli boʻladi, deb yozadi Engadget.

27-noyabr, 13:59По-русски

Read in English

engadget.com

Xizmat, shuningdek, har kuni sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan 80 000 dan 85 000 tagacha yangi qoʻshiqni qabul qilmaslikni rejalashtirmoqda. Platforma rahbari Robert Andersonning aytishicha, bunday kompozitsiyalarning 96 foizi biror marta ham tinglanmaydi.

Avvalroq Tidal sunʼiy intellekt tomonidan toʻliq yaratilgan treklarni monetizatsiyadan mahrum qilgan va ularga sunʼiy intellekt yordamida yaratilgani yoki toʻldirilganini koʻrsatuvchi belgi qoʻygan edi. Andersonning soʻzlariga koʻra, bu chora yetarli boʻlmagan: soʻnggi 90 kun ichida xizmatga yuklangan barcha treklarning 43 foizi sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan deb aniqlangan.

Agar bu qaror amalga oshirilsa, Tidal bunday musiqani katalogidan toʻliq oʻchiradigan birinchi striming platformasiga aylanadi. Manba toʻliq yoki sezilarli darajada sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan musiqani taqiqlaydigan boshqa yagona xizmat sifatida Bandcampʼni tilga oladi.

Boshqa platformalar esa boshqa choralarni tanlagan. Spotify tavsiyalar boʻlimidan «axlat» va spamni oʻchiradi, biroq ayni paytda sunʼiy intellekt yordamida remikslar va kaver-versiyalar yaratishga ruxsat beradi. Deezer sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan musiqani yashirish imkonini beradi, Apple Music esa bunday qoʻshiqlarga faqat belgi qoʻyadi.