AQShda Character.AI foydalanuvchilarining shaxsiy yozishmalarini sotishni taqiqlashga urinilmoqda
AQShning 42 shtati bosh prokurorlari bankrot boʻlgan kompaniyaning millionlab foydalanuvchilar maʼlumotlarini, jumladan voyaga yetmaganlarning 2 mln dan ortiq chatlarini sotish rejalariga qarshi chiqdi.

AQSh hukumati kompaniyaning bankrotlik jarayoni doirasida Character.AI platformasi foydalanuvchilarining shaxsiy yozishmalarini sotishni toʻxtatishga urinmoqda. Bu haqda TechCrunch xabar berdi.
Bosh prokurorlarning maʼlumotlariga koʻra, AQShdagi 21 mln dan ortiq akkauntning yozishmalar tarixi sotuvga qoʻyilishi mumkin. Ularning 2,1 mln dan ortigʻi voyaga yetmaganlarga tegishli. Maʼlumotlar toʻplamiga IP-manzillar va boshqa shaxsiy maʼlumotlar ham kiradi.
Rasmiylar yangi egasi yozishmalardan oʻz xohishiga koʻra foydalanishi, ularni uchinchi tomonlarga berishi yoki qayta sotishi mumkinligidan xavotirda. Bunda u Character.AIʼning avvalgi maxfiylik siyosatiga rioya qilishi yoki foydalanuvchilarning maʼlumotlarni oʻchirish haqidagi soʻrovlarini bajarishi shart boʻlmaydi.
Kompaniya 2026-yil oktabrida bankrotlik toʻgʻrisida ariza berdi. Platforma maʼlumotlari va boshqa aktivlari sotuvga qoʻyilishi rejalashtirilgan auksion 1-dekabrga belgilangan. Hozircha bitta ehtimoliy xaridor maʼlum — Delaver shtatida roʻyxatdan oʻtgan Smirks and Pangs Acquisition LLC kompaniyasi. Uning egalari haqida jamoatchilikka maʼlumot berilmagan.
Bosh prokurorlar suddan bitimning taklif etilgan shartlarini rad etishni va foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlari himoya qilinishini taʼminlashni talab qilmoqda.
Yana oʻqing

Bu ixcham elektr krossover endi uyni ham, elektr tarmogʻini ham energiya bilan taʼminlay oladi
Texnologiyalar13:41
Xpeng 1–2 yil ichida uylarda gumanoid robotlardan foydalanishni boshlashi mumkin
Texnologiyalar10:52
