Toshkentda uch avtobus yoʻnalishi sxemasi oʻzgartirildi
26-noyabrdan Toshkentdagi uch avtobus yoʻnalishi sxemasi oʻzgaradi: 11-yoʻnalish uzaytiriladi, 77 va 138-yoʻnalishlar harakati tuzatiladi.

11-yoʻnalish «Beltepa massivi» oxirgi bekatidan «Ibn Sino-1» bekatigacha uzaytiriladi. Avtobuslar u yerga Beltepa koʻchasi orqali boradi. Bu haqda shahar transport boshqarmasi xabar berdi.
138-yoʻnalishda Sogʻlom avlod koʻchasiga kirish bekor qilinadi. Uning oʻrniga avtobuslar Shifokorlar va Farobiy koʻchalari orqali harakatlanadi.
Chilonzor-25 massivi bilan aeroportni bogʻlaydigan 77-yoʻnalishga qoʻshimcha qism kiritiladi. «Mahalliy aviakompaniyalar aeroporti-3» bekatidan keyin avtobuslar Xonobodtepa koʻchasiga buriladi, soʻng Qumariq koʻchasi va qoʻshimcha yoʻl orqali «Xalqaro aviakompaniyalar aeroporti-2» bekatigacha boradi. Shundan keyin amaldagi sxema boʻyicha harakatlanadi.
Yoʻlovchilarga safarlarini rejalashtirishda oʻzgarishlarni hisobga olish tavsiya etildi.



